Vengriya O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihani amalga oshiradi

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi (qarorgohi Venada) Abat Fayzullayev Budapesht shahrida «Meditop» kompaniyasi boshqaruvchi direktorlari Zoltan Ach va David Greshkovits bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralarda Vengriya kompaniyasi bilan O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

«O‘zbekiston hukumati xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlayotgani, investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti va sharoitlar, yuqori bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan yoshlar «Meditop» kompaniyasini O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun turtki bo‘ldi», dedi Zoltan Ach.

Kompaniya boshqaruvchi direktori David Greshkovits O‘zbekistonda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan investitsiya loyihasini – ro‘yxatga olingan dori vositalarini mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirar ekan, bu sohada muayyan tajribaga ega bo‘lgan mahalliy hamkor topish yuzasidan amaliy ko‘mak so‘radi.

Muzokaralar davomida «Meditop» kompaniyasi bilan hamkorlikda farmatsevtika yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar xodimlari uchun Vengriyada malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.